Назад
O‘zbekiston Butunjahon turizm tashkilotida raislikni Saudiya Arabistoniga topshirdi

7–11-noyabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida Butunjahon turizm tashkilotining (UN Tourism) 26-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi. U 2023-yil oktabr oyida Samarqandda o‘tgan 25-sessiyada raislik qilgan mamlakat — O‘zbekiston nomidan so‘zga chiqdi va Prezidentning turizm sohasidagi islohotlari to‘g‘risida ma'lumot berdi.

“Prezident Shavkat Mirziyoyev turizmni nafaqat iqtisodiyot tarmog‘i, balki O‘zbekistonni dunyoga, dunyoni esa O‘zbekiston uchun ochadigan vosita sifatida belgilab berdi. BMT Turizm tashkilotining 25-bosh assambleyasini tarixiy Samarqand shahrida o‘tkazish – Prezidentimiz tashabbusining muhim natijalaridan biridir. Ortda qolgan davr mobaynida sezilarli yutuqlarga erishdik: 97 ta davlat fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz kirish huquqiga ega bo‘ldi (ilgari bu raqam atigi 9 edi). Hozirda deyarli 50 ta xorijiy va 16 ta milliy aviakompaniya haftasiga 700 dan ortiq xalqaro reyslarni amalga oshirmoqda. Natijada xalqaro turistlar soni 2023-yilda 6,6 millionga yetgan bo‘lsa, 2024-yilda 10 milliondan oshdi. Bu yil esa biz 15 milliondan ortiq sayyohni qabul qilishni maqsad qilganmiz”, — dedi A. Abduhakimov.

Vazirning ta’kidlashicha, ortib borayotgan talabni qondirish uchun respublika 8 milliard AQSh dollari miqdorida investitsiya yo‘naltirib, 22 ta yangi "Dreamliner" samolyotini xarid qilmoqda hamda Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikda 2,5 milliard dollarlik yangi Toshkent xalqaro aeroportini qurmoqda. Bu loyiha Markaziy Osiyodagi havo transporti haqidagi tasavvurlarni o‘zgartirmoqda.

Shuningdek, ta’lim va innovatsiyalar masalasi ham muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi: "UN Tourism" va Shveysariyaning "Les Roches" maktabi bilan hamkorlikda Samarqandda Xalqaro turizm akademiyasi tashkil etilib, u global turizm sohasining kelajakdagi yetakchilarini tayyorlamoqda. O‘zbekistonning yangi Milliy turizm rivojlanish strategiyasi “Insonlar — Sayyora — Farovonlik” tamoyillariga asoslanmoqda.

“Biz BMT tomonidan 2027-yilni Barqaror turizm yili deb e’lon qilishga oid rezolyutsiya tashabbusini ilgari surganimizdan faxrlanamiz. O‘zbekiston, shuningdek, BMTning Xavfsiz turizm bo‘yicha xalqaro kodeksini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi va Hukumatlararo qo‘mitaga rais etib saylandi. Bu orqali biz ishonch, xavfsizlik va mas’uliyatning global standartlarini ilgari surmoqdamiz. Bundan tashqari, Butunjahon turizm tashkilotining Ipak yo‘li bo‘yicha tematik ofisi ochilib, qadimiy Ipak yo‘lining bog‘liqlik va umumiy farovonlik ramzi sifatida qayta tiklanishiga xizmat qilmoqda”, — dedi vazir.

Aziz Abduhakimov nutqi yakunida turizm kelajagi to‘g‘risidagi Ar-Riyod deklaratsiyasini qo‘llab-quvvatladi, sun’iy intellektning soha rivojidagi rolini alohida ta’kidladi hamda Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish orqali yangi iqtisodiy va madaniy imkoniyatlar yaratish zarurligini qayd etdi.

Marosim yakunida Butunjahon turizm tashkilotining 26-sessiyasida raislik rasmiy ravishda Saudiya Arabistoniga topshirildi

 

Программа Мероприятие
Отзывы гостей
0
Нет отзывов
0 отзывов
Качество
Нет отзывов
Локация
Нет отзывов
Цена
Нет отзывов
Услуга
Нет отзывов