-
Нет Отзывов
-
В избранные
Amudaryo tumanidagi “Nazarxon” OFY hududida joylashgan “Chilpiq” tarixiy yodgorligi atrofida zamonaviy turizm maskanini tashkil etish loyihasi ko‘rib chiqildi. Ushbu loyiha doirasida tashrif markazi, xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi hamda turistlar uchun qulay muhit yaratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, “Beshtom” OFY hududida “Qipchoq” baliqchilar maskanini rivojlantirish loyihasi bilan tanishildi. Loyiha doirasida yangi pirslar, restoranlar, savdo shoxobchalari qurish orqali hududni jozibador turistik nuqtaga aylantirish ko‘zda tutilgan. Ishchi guruh tomonidan yangi turizm mahsulotlari va marshrutlar ham o‘rganildi.
Ishchi guruh a’zolari Qoraqalpog‘istonning muqaddas va tarixiy maskanlari — “Sheyx Jalil Bobo” hamda “Ayaz qal’a” yodgorliklariga tashrif buyurib, ularning turizm salohiyatini oshirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.
“Aqchako‘l” turistik-rekreatsion zonasi bilan tanishish davomida ushbu hududni kengaytirish va xizmat turlarini ko‘paytirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Nukus shahridagi “Ashshiko‘l” ko‘li bo‘yida zamonaviy plyaj zonasini tashkil etish loyihasi ham ishchi guruh e’tiborida bo‘ldi.
Chimboy tumanida “Konshi” MFY hududida “Hunarmandlar markazi” tashkil qilish, shuningdek, “Ko‘kshi qal’a” MFY hududida “Qora uy” ustaxonasini restavratsiya loyihalari milliy hunarmandchilikni rivojlantirish va turistlar uchun jozibador muhit yaratishga qaratilgan muhim tashabbuslar sifatida baholandi.
Bundan tashqari, “Qarateren” turistik-rekreatsion zonasi va “Taxtepa” etno-turistik qishlog‘i bilan tanishilib, ushbu hududlarda turistlar sonini ko‘paytirish va ularning qolish muddatini uzaytirish masalalari muhokama qilindi. Nukus shahridagi “Oq qush” etno-turizm majmuasi faoliyati ham o‘rganildi.
Tashrif doirasida turizm sohasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilib, hududda turizmni rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va turistik xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan qator takliflar bildirildi. Jumladan, Nukus shahrida turistlarning kechki vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida Turizm alleyasi va turizm ko‘chalarini barpo etish, gavjum hududlarda sanitariya-gigiyenik shoxobchalar, shu jumladan smart hojatxonalarni bosqichma-bosqich qurish taklif etildi.
Nukus shahridagi I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyining I blok bino qismi rekonstruksiya ishlarini qabul qilish va muzeyni hududiy turizm brendiga aylantirish masalasi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, Mo‘ynoq–Chimboy tumanlarini bog‘lovchi 50 kilometr yo‘lni ta’mirlash orqali “Turizm halqasi” marshrutini tashkil etish takliflari bildirildi.
Mazkur tashrif va o‘rganishlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida turizmni tizimli rivojlantirish, yangi loyihalarni amalga oshirish hamda hududning turistik jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Russian