Xalqaro diplomatiya orqali turizm oqimini oshirish — ustuvor vazifa

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-yanvar kuni Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Davlatimiz rahbari tomonidan tashqi siyosat faoliyatini yanada takomillashtirish, xorijdagi elchixonalar va diplomatik missiyalarning mamlakat iqtisodiyoti, xususan, turizm sohasi rivojiga xizmat qiluvchi samarali mexanizmlarini joriy etish yuzasidan Turizm qo‘mitasi oldiga qo‘yilgan qator muhim vazifalar belgilab berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi A.Aqqulov tomonidan mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalar rahbarlari ishtirokida Davlatimiz rahbari tomonidan turizm sohasi oldida qo‘yilgan vazifalarni samarali va to‘liq amalga oshirish yuzasidan taqdimot o‘tkazildi va fikrlar almashildi.

Shuningdek, Turizm qo‘mitasi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar o‘rtasida turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro turizm ko‘rgazmalari va yarmarkalarda O‘zbekiston brendini ilgari surish, turistik marshrutlar va xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha aniq choralar belgilandi.

Tadbir davomida elchilar mamlakatimizning tarixiy, madaniy va tabiiy boyliklarini targ‘ib qilishda innovatsion usullarni joriy etish, xorijiy investorlar va tur operatorlari bilan bevosita muloqotlar o‘rnatish zarurligini ta’kidladilar. Shu bilan birga, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, mehmonxona va transport xizmatlarini yaxshilash hamda xorijiy sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha tavsiyalar bildirildi.

Yig‘ilish yakunida barcha ishtirokchilar turizm sohasidagi vazifalarni amalga oshirishda tizimli va uzviy ish olib borishga, hamkorlik va tajriba almashish orqali O‘zbekistonni xalqaro turizm xaritasida yanada raqobatbardosh va jozibali mamlakat sifatida tanitishga qaratilgin barcha sa’y-harakatlarni izchil amalga oshirishga kelishib oldilar.

Manbaa: https://gov.uz/ru/uzbektourism/news/view/121268