-
Нет Отзывов
-
В избранные
Samarqand viloyatida turizm sohasini diversifikatsiya qilish, ekstremal sport turlarini rivojlantirish hamda hududning turizm salohiyatini yanada oshirish maqsadida paraplan sporti bo‘yicha musobaqa o‘tkazishga qaratilgan tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi. Mazkur tashabbus doirasida Samarqand viloyati Turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari J.Suyunov tegishli vazirlik va idoralar, soha mutaxassislari hamda hamkor tashkilotlar vakillari bilan birgalikda Urgut tog‘lari hududida joylashgan, paraplan musobaqasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan manzillarni joyida o‘rganib chiqdi.
O‘rganish jarayonida hududning tabiiy-relyef sharoitlari, shamol oqimlari, parvoz yo‘nalishlari, qo‘nish maydonchalari hamda xavfsizlik talablariga muvofiqligi atroflicha tahlil qilindi.
Shuningdek, mazkur hududda O‘zbekiston Paraplan federatsiyasining hududiy filialini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Ushbu filial faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali paraplan sportini tizimli asosda rivojlantirish, yosh sportchilarni tayyorlash, malakali instruktorlar faoliyatini kengaytirish hamda respublika va xalqaro miqyosdagi musobaqalarni Samarqand viloyatida doimiy ravishda o‘tkazish imkoniyatlarini yaratish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, tog‘ etagida eko village — ekologik turizm qishlog‘ini barpo etish masalasi ham atroflicha muhokama qilindi. Mazkur loyiha doirasida ekologik toza materiallardan qurilgan mehmon uylari, dam olish zonalari, milliy taomlar maskanlari hamda tabiat bilan uyg‘un sayyohlik infratuzilmasini yaratish ko‘zda tutilmoqda. Eko village nafaqat paraplan sporti ishtirokchilari va tomoshabinlari, balki viloyatga tashrif buyuruvchi mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun ham qulay dam olish maskaniga aylanishi kutilmoqda.
Shuningdek, tumanning Soy G'o's qishlog'ida ham o'rganishlar olib borilib, mazkur hududda ham yirik turizm loyihalari yuzasidan muhokama olib borildi.
Ta’kidlash joizki, ushbu tashabbuslar Samarqand viloyatida paraplan sportini rivojlantirish, ekstremal va ekoturizm yo‘nalishlarini kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda hududning investitsiyaviy va turizm jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, paraplan musobaqalarining o‘tkazilishi viloyatning xalqaro turizm maydonidagi nufuzini yanada mustahkamlab, mahalliy hamda xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirishga zamin yaratadi.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilishi, belgilangan chora-tadbirlar asosida paraplan sporti va ekstremal turizm infratuzilmasi izchil rivojlantirilishi rejalashtirilmoqda.
Russian