-
Нет Отзывов
-
В избранные
2025-yilgi Butunjahon turizm kuni mavzusi etib “Turizm va barqaror transformatsiya” belgilandi, bunda asosiy e’tibor tabiiy resurslardan oqilona va mas’uliyatli foydalanishga qaratiladi.
Butunjahon turizm tashkilotining rasmiy saytida ta’kidlanishicha, chiqindilarni kamaytirish, bioxilma-xillikni asrash, tabiiy resurslar hamda ekotizimlarni muhofaza qilish ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, 2025-yilda iqlim o‘zgarishlariga chidamlilikni oshirishga ko‘proq investitsiya jalb qilish lozimligi qayd etilgan.
Shu o’rinda aytish lozimki, O‘zbekiston ham atrof-muhitni muhofaza qilish borasida faollashib, sohadagi qator xalqaro tadbirlarga mezbonlik qilmoqda. Xususan, bugungi kunda nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun dunyoni tashvishga solayotgan iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini yumshatishga katta e'tibor qaratmoqda. Jumladan, joriy yilning 4–5-aprel kunlari Samarqandda bo’lib o’tgan Xalqaro Iqlim forumida iqlim bilan bog’liq muammolarni hal etishda ilmiy yondashuv va innovatsion yechimlar zarurligi, uch tomonlama sayyora inqirozining salbiy oqibatlarini yumshatish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, qurg‘oqchilik va cho‘llanishga qarshi kurash, bioxilma-xillikni muhofaza qilish borasida ham O‘zbekiston tomonidan bir qancha tashabbuslar ilgari surilmoqda. Jumladan, Samarqandda o‘tkazilgan Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi, COP14, CRIC-21 xalqaro konferensiyalarida turizmni rivojlantirish, ko‘chib yuruvchi hayvonlarni asrash, cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashga e'tibor qaratildi. Bu borada qilinishi kerak bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi. Shuningdek, joriy yilning 24-noyabridan 5-dekabrgacha bo‘lib o‘tadigan yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi toʻgʻrisidagi konvensiya (CITES) tomonlar konferensiyasining (COP20) 20-yigʻilishida noyob flora va fauna vakillarini muhofaza qilishga e'tibor qaratiladi.
Yurtimizda shuningdek turizm sohasini rivojlantirishda joylardagi ekologik vaziyatni inobatga olish, ekoturizm yo’nalishiga yondashuvni o’zgartirish so’nggi paytlarda soha rivojiga ijobiy ta’sir ko’rsatmoqda, zero bu o’rinda tabiat ustuvor va u izn bersagina boshqa sohalar rivojlanadi. Shundan kelib chiqadigan bo’lsak, 2025-yilda Butunjahon turizm kunining “Turizm va barqaror transformatsiya” deya nomlanishi ayni muddaodir.
Ma'lumot uchun, Butunjahon turizm kuni ("World Tourism Day") har yili 27-sentabrda nishonlanadi. Ushbu kun 1979-yilda Ispaniyaning Torremolinos shahrida Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO, hozirgi "UN Tourism") Bosh assambleyasi tomonidan taʼsis etilgan. Maqsad turizmni targʻib qilish, uning jahon iqtisodiyotiga qoʻshgan hissasini yoritish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdir.