-
Нет Отзывов
-
В избранные
Kattaqo‘rg‘on tumanida turizm salohiyatini yanada rivojlantirish, hududning tabiiy va rekreatsion imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida qator istiqbolli loyihalar ishchi guruhi vakillari tomonidan o‘rganildi.
Xususan, tuman hududida joylashgan suv ombori atrofidagi 50 gektar yer maydonida yangi tashkil etilishi rejalashtirilayotgan turizm va xizmat ko‘rsatish loyihalari bilan tanishildi. Mazkur hududda zamonaviy dam olish maskanlari, eko-mehmonxonalar, sayyohlar uchun qulay infratuzilma yaratish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on tumani Burgansoy tog‘ tizmasida eko-turizmni rivojlantirishga qaratilgan dastur va loyihalar o‘rganildi. O‘rganish jarayonida hududning tabiiy landshafti, tog‘ va yaylovlar, sayyohlik marshrutlarini tashkil etish imkoniyatlari, shuningdek, ekologik barqarorlikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mutaxassislar tomonidan loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish, mahalliy aholini turizm sohasiga keng jalb etish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda hududning investitsion jozibadorligini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
Mazkur loyihalar amalga oshirilishi natijasida Kattaqo‘rg‘on tumanida ichki va tashqi turizm oqimini ko‘paytirish, eko-turizm yo‘nalishlarini kengaytirish hamda hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Russian